«Manchester Siti» Valverde uchun 90 million yevro taklif qilishga tayyor
«Manchester Siti» klubi Madridning «Real» jamoasi yarimhimoyachisi va sardori Federiko Valverdega rasmiy taklif tayyorlamoqda. Bu haqda insayder jurnalist Ekrem Konur ma’lum qildi.
Manba bergan xabarga ko‘ra, 27 yoshli futbolchi «shaharliklar»ning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylangan va ingliz klubi ushbu transfer uchun taxminan 90 million yevro sarmoya kiritishga tayyor.
Ortda qolgan mavsumda Valverde barcha musobaqalarda jami 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining madridliklar bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, urugvaylik yarimhimoyachining ayni paytdagi bozor qiymati 120 million yevroni tashkil qiladi.