«Manchester Siti» va «Chelsi» Enso Mareska uchun tovon puli miqdorini muhokama qilmoqda
«Manchester Siti» va «Chelsi» klublari Enso Mareskaning transferi uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdorini muhokama qilmoqda. Bu haqda Sky Sports nashri xabar bermoqda. Avvalroq, mutaxassis Pep Gvardiolaning o‘rnini egallab, «shaharliklar» bosh murabbiyiga aylanishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Manchester Siti» rahbariyati tovon puli borasidagi kelishuvga shu hafta ichida erishishga umid qilmoqda. Qayd etilishicha, murabbiy bilan tuziladigan uch yillik shartnoma hali to‘liq kelishib olinmagan, biroq barcha masalalar yaqin kunlarda hal etilishi lozim.
Ayni damda Mareskaning rasman qachon tayyinlanishi, uning murabbiylar shtabi tarkibi va boshqa mayda detallar muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, italiyalik mutaxassis 2024 yilning iyunidan 2026 yilning yanvariga qadar «Chelsi» klubini boshqargan edi.