«Manchester Siti» muxlislarini finalga olib ketayotgan avtobus yonib ketdi (foto)
Angliya Liga Kubogi finali doirasidagi «Arsenal»ga qarshi bahs uchun «Manchester Siti» muxlislarini Londonga olib ketayotgan avtobus yo‘lda yonib ketdi. Bu haqda Manchester Evening News nashri xabar bermoqda.
Hodisa oqibatida M6 trassasining bir qismida harakatlanish sezilarli darajada qiyinlashgan. Qayd etilishicha, transport vositasidagi yo‘lovchilar o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan va ular yo‘l chetida yordam kutishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda avtobusdan kuchli alanga va quyuq tutun chiqayotganini ko‘rish mumkin. Muxlislarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf yo‘qligi aytilmoqda. Keyinchalik ishqibozlar boshqa avtobuslarga o‘tirib, yo‘llarida davom etishgan.

Yo‘lovchi tashish kompaniyasi sodir bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy bayonot berdi:
«Bugun ertalab M6 pullik avtomobil yo‘lining janubiy yo‘nalishida avtobuslarimizdan biri ishtirokida ko‘ngilsiz hodisa yuz berganini tasdiqlaymiz. Barcha yo‘lovchilar va haydovchi xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi, hech kim jabrlanmadi. Tezkor harakatlari uchun favqulodda vaziyatlar xizmatiga minnatdorchilik bildiramiz.
Avtobus muxlislarni Angliya Liga Kubogi finaliga olib ketayotgan edi va barcha yo‘lovchilar stadionga yo‘l olgan boshqa avtobuslarga o‘tkazildi. Biz voqea tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha rasmiylar bilan hamkorlik qilmoqdamiz va zarur bo‘lganda qo‘shimcha ma’lumot beramiz», — deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, «Arsenal» va «Manchester Siti» oʻrtasidagi hal qiluvchi bahs 0:2 hisobida «shaharliklar» foydasiga hal boʻldi. Abduqodir Husanov esa asosiy tarkibda maydonga tushib, toʻliq harakat qildi.