«Manchester Siti» «Kyoln»ning 19 yoshli hujumchisiga qiziqish bildirmoqda
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola «Kyoln»ning chap qanot hujumchisi Said El-Malaning o‘yinidan hayratda qolgan. Sky Sport Germany xabariga ko‘ra, «shaharliklar» skautlari so‘nggi o‘yinlarda 19 yoshli futbolchini bevosita kuzatgan.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, nemis klubi El-Mala uchun 40 million yevro talab qilmoqda. Futbolchiga Dortmundning «Borussiya»si va «Bavariya» ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Avvalroq, OAVda «Barselona» ham joriy mavsum yakunida futbolchini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
El-Mala joriy mavsum Bundesligada 10 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatma qayd etdi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning hozirgi bozor qiymati 18 million yevroni tashkil etadi.