«Manchester Siti» futbolchilari Budyoga borgan muxlislarga chipta pullarini qaytarib berishadi
«Manchester Siti» futbolchilari Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 7-turida «Budyo-Glimt»ga qarshi o‘yinda jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun Norvegiyaga borgan muxlislarga chipta pullarini qaytarib beradi. Uchrashuv Budyo shahridagi «Aspmyura» stadionida bo‘lib o‘tdi va unda ingliz klubi 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
«Biz uchun muxlislar — hamma narsadan ustun. Ular bizni uyda ham, safarda ham qo‘llab-quvvatlash uchun dunyo bo‘ylab sayohat qilishda qanday qurbonliklarga borishini yaxshi bilamiz va buni hech qachon oddiy holat sifatida qabul qilmaymiz. Ular dunyodagi eng zo‘r muxlislar. Sovuq ob-havoda va biz uchun og‘ir kechada jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislar uzoq yo‘l bosib kelganini tushunamiz. Budyoga kelgan muxlislarga chipta pulini qaytarish — biz qila oladigan eng kam ish», — deyiladi «shaharliklar» futbolchilari bayonotida.
Manbaga ko‘ra, futbolchilar muxlislarga jami 9 357 funt sterling (10 760 yevro) miqdoridagi mablag‘ni qaytarib berishadi.