“Manchester Siti” Enso Fernandes transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi
Angliyaning “Manchester Siti” klubi “Chelsi” yarim himoyachisi Enso Fernandes transferi bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda italiyalik taniqli insayder Janluka Di Marsio ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar muzokaralar o‘tkazib, argentinalik futbolchining transferi bo‘yicha kelishib olgan. Yaqin vaqt ichida Fernandes Manchester shahriga borib, transferni yakunlash bilan bog‘liq jarayonlardan o‘tishi kutilmoqda. Hozircha transferning aniq qiymati rasman ma’lum qilinmagan.
25 yoshli yarim himoyachi “Chelsi” safida 2023-yildan buyon to‘p tepib kelmoqda. O‘tgan mavsum Angliya Premyer-ligasida u 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma berdi.
Ma’lumot uchun, Enso Fernandesning transfer qiymati hozirda 100 million yevroga baholanmoqda. Argentinalik futbolchi 2022-yilgi Jahon chempionatida terma jamoasi bilan chempion bo‘lgan va turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan. “Chelsi” uni 2023-yil qishda “Benfika”dan sotib olgan edi.