“Manchester Siti” Chempionshipga ham qabul qilinmasligi mumkin
“Manchester Siti” Premyer-ligadan chetlatilgan taqdirda, klubga Angliya futbol ligasi — EFL tarkibiga kirishga ham ruxsat berilmasligi mumkin. Bunday holatda “shaharliklar” nafaqat Premyer-ligadan, balki mamlakatning quyi professional divizionlaridan ham tashqarida qolishi ehtimoli bor. Bu haqda jurnalist Dankan Kastls The Transfers Podcast’da ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Kastls Premyer-liga tashkil etilganidan buyon liga faoliyatiga yaqindan aloqador bo‘lgan manba bilan suhbatlashgan. Uning aytishicha, agar “Manchester Siti” va klub egalari hozirgi pozitsiyasini o‘zgartirmasa hamda Premyer-liga bilan murosaga kelmasa, jamoani yuqori diviziondan chiqarib yuborish varianti ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunday vaziyatda klub EFLga a’zolik uchun alohida ariza topshirishi kerak bo‘ladi, biroq hozirgi holatda bu ariza rad etilishi mumkinligi aytilmoqda.
“Manchester Siti” moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha mustaqil komissiya chiqargan hukm ustidan apellyatsiya bergan va o‘z aybsizligini ta’kidlamoqda. Shu sababli hozircha klubga qanday jazo berilishi bo‘yicha yakuniy qaror mavjud emas. Premyer-ligadan chiqarib yuborish yoki EFLga qabul qilmaslik varianti ham hozircha faqat ehtimoliy ssenariy sifatida tilga olinmoqda.
Ma’lumot uchun, Angliya futbol ligasi — EFL tarkibiga Chempionship, Liga 1 va Liga 2 kiradi. Ular Angliya futbol piramidasining mos ravishda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi professional divizionlari hisoblanadi.