“Manchester Siti” APLdan chetlatilishi mumkin
“Manchester Siti” Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzish bilan bog‘liq ish bo‘yicha 115 holatdan 114 tasida aybdor deb topilgani xabar qilindi. The Athletic’ning masaladan xabardor manbalariga ko‘ra, qaror mustaqil komissiya tomonidan chiqarilgan, biroq hozircha jazo turi belgilanmagan.
Klubga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar qatorida jarima, ochkolarni olib tashlash yoki hatto Premyer-ligadan chetlatish kabi choralar ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Shu bilan birga, “Manchester Siti” qaror ustidan apellyatsiya berishi kutilmoqda.
Mazkur ish bo‘yicha tinglovlar 2024-yil sentabrida boshlanib, o‘sha yilning dekabrida yakunlangan edi. Ayblovlar asosan 2009–2018-yillar oralig‘idagi moliyaviy hisobotlar, homiylik daromadlari, futbolchi va murabbiylarga to‘lovlar hamda Premyer-liga tekshiruvi bilan hamkorlik qilish masalalariga taalluqli. Klub shu vaqtgacha barcha ayblovlarni rad etib kelgan.
Ma’lumot uchun, 25-sentabr holatiga ko‘ra Premyer-liga hali jazo choralarini rasman e’lon qilmagan. Shu sababli “Manchester Siti”ning ligadan chiqarilishi yoki ochkolari olib tashlanishi hozircha ehtimoliy sanksiyalar sifatida ko‘rilmoqda, yakuniy jazo esa keyinroq ma’lum bo‘ladi.