\"Manchester City\" egalari o'zbek futboli klubini sotib olmoqchi


Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida "OAV va Matbuot kuni"ga bagʻishlangan tadbirda qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov jahon futbolida katta nufuzga ega "City Football Group" kompaniyasi haqida muhim yangilikni maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, "Manchester City" klubi egalari nafaqat yana bir oʻzbekistonlik yosh iqtidorli futbolchini transfer qilishni, balki mamlakatimizdagi bir klubni toʻliq sotib olishni rejalashtirmoqda.
Bu qarorga turtki boʻlgan asosiy omil — Abduqodir Husonovning "Manchester City" safiga oʻtishi. Umarov taʼkidlashicha, ushbu transferdan soʻng nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyodagi futbol muxlislari ingliz klubiga katta qiziqish bildirgan.
“Abduqodir Husonov ‘Manchester City’ga oʻtganidan soʻng, klubning muxlislari soni 100 millionga oshdi. Bu faqat 37–38 million aholisi bor Oʻzbekiston emas, balki qoʻshni davlatlar ham oʻz muxlislarini qoʻshdi”, — dedi Umarov.
Uning maʼlum qilishicha, "City Football Group" hozirda Oʻzbekistondagi mahalliy klublardan birini sotib olish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, bu nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa futbol tarixidagi ilk global voqea boʻladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday qaror Markaziy Osiyo futbolida kuzatilayotgan oʻsish, xususan, Tojikistonning Osiyo Kubogida pley-offga chiqqani va Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani bilan bogʻliq.
Agar shartnoma amalga oshsa, bu oʻzbek futboli uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi: klub boshqaruvi, infratuzilma, skaut tizimi, akademiyalar va mediaboshqaruv sohalarida sifatli oʻsish kutilmoqda.
Hozircha qaysi futbolchi va qaysi klub haqida gap ketayotganini aniq emas, biroq ehtimol, gap xalqaro musobaqalarda oʻzini koʻrsata olgan yosh isteʼdod haqida bormoqda.

Futbol
Kecha da 15:55

Futbol
Kecha da 13:50

Futbol
Kecha da 10:19