«Man Siti» va «MYU» «Vest Hem» yarimhimoyachisiga qiziqish bildirmoqda
«Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» «Vest Hem»ning 21 yoshli markaziy yarimhimoyachisi Mateush Fernandeshni kuzatib bormoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur Sports Boom nashriga tayanib ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik futbolchining shartnomasida «Vest Hem» Angliya Premyer-ligasidan tushib ketgan taqdirda faollashadigan muddatidan oldin bekor qilish bandi mavjud. London klubi rahbariyati quyi ligaga tushish va ushbu band ishga tushishi muzokaralardagi pozitsiyalarni sezilarli darajada zaiflashtirishini tushunib turibdi. Shu sababli «Vest Hem» Fernandeshni yanvar oyida sotishni uning bozor qiymatini saqlab qolishning eng maqbul yo‘li deb hisoblamoqda.
Joriy mavsumda Fernandesh barcha musobaqalarda 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol va uchta golli uzatma muallifiga aylangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 32 million yevroga baholamoqda.
APLning 22-turidan so‘ng «Vest Hem» 17 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 18-o‘rinni egallab turibdi va quyi ligaga tushish zonasida joylashgan.