«Man Siti» soʻnggi besh yil ichida ilk bor «Enfild»da «Liverpul»ni magʻlub etdi
Angliya Premyer-ligasining 25-turi doirasida «Manchester Siti» safarda «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, «shaharliklar» so‘nggi besh yil ichida ilk bor mersisaydliklar ustidan ularning o‘z uyida g‘alabaga erishdi.
Pep Gvardiola shogirdlarining «Enfild»da «qizillar» ustidan qozongan oxirgi g‘alabasi 2021 yilning 7 fevraliga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda APLning 23-turi doirasidagi bahsda «shaharliklar» 4:1 hisobida yirik g‘alabani tantana qilishgan.
O‘sha o‘yinda germaniyalik yarimhimoyachi Ilkay Gyundogan dubl qayd etgan, qolgan gollarga Rahim Sterling va Fil Foden mualliflik qilgan edi. Mersisaydliklarning yagona javob to‘pini 11 metrlik jarima zarbasidan Muhammad Saloh kiritgan.
O‘sha vaqtdan buyon «Enfild»da o‘tkazilgan uchrashuvlarning barchasida «Liverpul» g‘alaba qozongan, yana ikki o‘yinda esa jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan edi.