«Man Siti» joriy mavsumda ilk bor APL turnir jadvalida birinchi oʻrinda qayd etildi
«Manchester Siti» Angliya chempionatining 34-turida «Byornli»ni mag‘lub etdi (1:0) va joriy mavsumning 1-turidan buyon ilk bor Premyer-liga turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Pep Gvardiola jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi hisobida 70 tadan ochko mavjud, biroq «Manchester Siti» urilgan gollarning ko‘pligi (66 ga 63) evaziga yuqori pog‘onani egallab turibdi. E’tiborli jihati shundaki, «Siti» va «Arsenal»da to‘plar nisbati bir xil (+37).
Bundan bir necha tur avval «to‘pchilar» o‘z raqibidan sakkiz ochko oldinda borayotgan edi, biroq ligadagi oxirgi ikki o‘yinda, jumladan, «Manchester Siti»ga qarshi bahsda imkoniyatni boy berib, bu ustunlikni qo‘ldan chiqarishdi.
Endilikda jamoalar Premyer-ligada yana beshtadan o‘yin o‘tkazishlari kerak. Ma’lumot uchun, «Liverpul» Angliyaning amaldagi chempioni hisoblanadi, «Manchester Siti» esa turnirda 2023/2024 yilgi mavsumda g‘olib chiqqan edi. «Arsenal» so‘nggi bor 2004 yilda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.