«Man Siti» «Arsenal» bilan oradagi farqni uch ochkogacha qisqartirdi
«Manchester Siti» Angliya Premyer-ligasining 33-turi doirasidagi o‘yinda «Arsenal»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va turnir jadvalidagi farqni 3 ochkogacha qisqartirdi. Ta’kidlash joizki, «shaharliklar» hisobida hali bitta zaxira o‘yini mavjud.
APLning joriy mavsumi qolgan qismida Pep Gvardiola jamoasi «Byornli» (22 aprel), «Everton» (4 may), «Brentford» (9 may), «Bornmut» (17 may) va «Aston Villa» (24 may) klublariga qarshi maydonga tushadi. Bundan tashqari, «shaharliklar» «Kristal Pelas» bilan qoldirilgan uchrashuvni ham o‘tkazishadi, uning sanasi keyinroq ma’lum qilinadi.
«Arsenal» esa chempionat yakuniga qadar «Nyukasl» (25 aprel), «Fulhem» (2 may), «Vest Hem» (10 may), «Byornli» (17 may) va «Kristal Pelas» (24 may) jamoalari bilan kuch sinashadi.
Hozirgi vaqtda «Manchester Siti» 67 ochko bilan Angliya oliy divizioni turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda, «Arsenal» esa 70 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turibdi.