Maldini — «Latsio» futbolchisi (Romano)
«Atalanta» futbolchisi Daniyel Maldini «Latsio»ga o‘tadi. Insayder Fabritsio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berishicha, klublar hujumkor yarimhimoyachini ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga juda yaqin. Manbaga ko‘ra, rimliklar shartnomaga futbolchini to‘liq sotib olish opsiyasini ham kiritadi.
Shu tariqa, «Latsio» 24 yoshli futbolchining faoliyatidagi oltinchi klubga aylanishi mumkin. Daniyel Maldini «Milan»ning sobiq himoyachisi Paolo Maldinining o‘g‘li hamda «qizil-qoralar»ning sobiq futbolchisi va murabbiyi Chezare Maldinining nabirasi hisoblanadi.
Maldini o‘tgan yilning fevral oyida «Monza»dan «Atalanta» safiga kelib qo‘shilgan. Avvalroq u «Milan» sharafini himoya qilgan, ushbu klubda to‘p surgan davrida esa «Empoli» va «Spetsiya» jamoalariga ijara asosida o‘tgan.