Maksvel da Silva: «Gollarim tasodif emas — mashg‘ulotlardagi mehnatimiz mevasi»
O‘zbekiston kubogi bahslarida “Metallurg”da o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata olayotgan braziliyalik legioneri Maksvel da Silvani klub matbuot xizmati bila suhbatlashdi.
—OKMK va “Aral”ga qarshi o‘yinlarda samarali harakatlaringiz bilan ijobiy natijaga munosib hissa qo‘sha oldingiz
—Jamoa muvaffaqiyatiga hissa qo‘shganimdan juda ham xursandman. To‘g‘risi, buni kutgandim. Astoydil mehnat qilib, doimo gollar urish haqida o‘ylayman. Mashg‘ulotlardagi qiyinchiliklar samara bera boshladi.
—“Qo‘qon-1912”ga qarshi tayyorgarlik haqida. Guruhdan chiqish uchun durang ham yetarli bo‘ladi
—Ha, raqib g‘alaba qozonishi shart, bizni esa durang ham qanoatlantiradi, biroq biz faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Mana shu maqsadni ko‘zlab qattiq mehnat qildik.
—Tarkibdagi raqobat haqida, jumladan hujum chizig‘i vakillari borasida nima deya olasiz?
—Jamoamizda ajoyib futbolchilar jamlangan. Nazarimda, ularga ortiqcha ta’rif berishim ham shart emas. Bu kabi futbolchilar bilan raqobatlashish ajoyib, shu yo‘l bilan barchamiz o‘sib boryapmiz.
—Mavsumda o'z oldingizga qanday vazifalar qo'ygansiz? Jamoa muxlislari sizdan nechta gol kutishi mumkin?
—Mavsumdan umidlarim katta. Gol urishni boshlab oldim, buyog‘iga ham shu ruhda davom etishni niyat qilganman. Buning uchun aytganimdek, mashg‘ulotlarda astodyil ter to‘kishim kerak bo‘ladi. Jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy vazifaga erishishi uchun yordam berishni istayman – chempion bo‘lib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz kerak.