locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Maksim Shatskix: “Jahon chempionati - O'zbekiston uchun o'ziga xos imtihon”

Futbol 14 iyn 2025 da 10:21
Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Журналист
Maksim Shatskix: “Jahon chempionati - O'zbekiston uchun o'ziga xos imtihon”
FОТО: fcdynamo.com

O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq hujumchisi va hozirda “Andijon” klubini boshqarayotgan mutaxassis Maksim Shatskix “Ukraina futboli” nashriga intervyu berdi.

Hamyurtimiz suhbat chog'ida terma jamoamizning o'z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani haqida fikr bildirib, bosh murabbiy Temur Kapadzening ishiga baho berdi.

- O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixda birinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi. O'z milliy terma jamoangizdan bunday natija kutganmidingiz?

- Albatta, terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqishini kutgandim. Buning vaqti kelgandi. Qachondir bu ish sodir bo'lishi kerak edi. FIFA Jahon chempionatida Osiyo jamoalari uchun o'rinlar sonini ko'paytirgani ham qo'l keldi.

O'zbekiston guruh bosqichida ancha ishonchli o'ynadi: ham o'yin tomonlama, ham natija tomonlama. Yana bir ustunlik jihati shundaki, ko'plab futbolchilar ichki chempionatda emas, balki xorijda to'p surmoqda. Tajriba, yaxshi ligalarda o'ynash va mehnatsevarlik - bularning barchasi o'z mevasini berdi.

- O'zbekiston milliy terma jamoasini ancha yosh mutaxassis - 43 yoshli Temur Kapadze boshqarmoqda. Ushbu murabbiyning ishi haqida nima deya olasiz?

- Shaxsan men u bilan ishlaganim yo'q, shuning uchun aytishim qiyin. U O'zbekiston terma jamoasini 2024-yilgi Olimpiya o'yinlariga tayyorlaganidan xabarim bor. Uning qo'l ostida biz birinchi bor Olimpiadaga chiqdik.

Kapadze 2025-yilning qishida milliy terma jamoa boshqaruvini o'z qo'liga oldi va uning boshchiligida to'rtta o'yin o'tkazildi - ikkita g'alaba, ikkita durang. Keling, keyin nima bo'lishini ko'ramiz. U terma jamoa futbolida katta tajribaga ega.

Murabbiy uchun eng muhim narsa nima? Natija. Kapadze terma jamoaga kelganida hech narsani o'zgartirmadi: o'sha futbolchilar, xuddi o'sha sxema bo'yicha o'ynashdi. Hech narsani o'zgartirishdan foyda yo'q edi. O'zbekiston o'z oldiga qo'ygan vazifasini a'lo darajada bajardi.

Endi biz Jahon chempionatini kutamiz. Bu ham biz uchun o'ziga xos imtihon. Sayyoramizning eng yaxshi terma jamoalari ishtirokidagi bunday turnirga birinchi marta borish - bu biz uchun baxt!”, - deydi Shatskix.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 3-saralash bosqichining “A” guruhida ikkinchi o'rinni egallab, Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting