Mahmud Maxamadjonov: Otam va boshqa oila-aʼzolarim birinchi boʻlib xabar topishdi
Xabaringiz bor, kuni kecha “Andijon” jamoamizga iqtidorli futbolchi Mahmud Maxamadjonov qoʻshildi va rasman “Burgutlar”ning aʼzosiga aylandi.
Antaliyadagi yigʻindagi mashgʻulotlarga kirishgan Maxamadjonov klub matbuot xizmatining savollariga javob qaytardi.
- Mahmudjon siz endi “Burgutlar” oilasining aʼzosisiz. Buni his qilganingizda nimalarni oʻylayapsiz?
- Albatta, bu men uchun katta masʼuliyat va katta maqsadlarim tomon olib boradigan imkoniyat, deb umid qilaman. Endi bu yogʻiga doim oʻsishda davom etishga harakat qilaman.
- “Andijon” taklifini qabul qilishingizda nima jiddiy sabab boʻldi?
- Bunga asosiy sabab jamoa oldiga faqat katta maqsadlar qoʻyilayotgani va shu yoʻlda katta ishlar qilinayotganidir. Bundan tashqari, jamoa bosh murabbiyining oʻzi meni jamoada koʻrishini xohlayotgani “Andijon”ni tanlashimga sabab boʻldi, deb oʻylayman.
- Yangi jamoangizda birinchi oʻrtoqlik oʻyiningizda ham maydonga tushdingiz. Ilk taassurotlar qanday?
- Albatta, birinchi oʻyin doim qiyin kechadi. Lekin, oʻylashimcha, hammasi yaxshi boʻldi. Kuchli jamoaga qarshi oʻynadik va natija ham qoniqarli boʻldi, deb oʻylayman.
- Bu yerga qanday maqsadlarni koʻzlab keldingiz?
- Avvalo, bu yerga “Andijon” bilan Kubok va sovrinlarni yutishga keldim va yana eng katta maqsadlarimdan biri, shu yerda oʻynab milliy terma jamoaning doimiy aʼzosiga aylanib, legioner boʻlish va albatta muxlislar qalbidan yaxshi taassurot qoldirish.
- “Andijon”ga oʻtishingiz haqida birinchi boʻlib kimga aytdingiz?
- Menimcha, hamma eng yaqinlariga aytadi. Men ham shunday qildim: otam va boshqa oila-aʼzolarim birinchi boʻlib xabar topishdi.
- Bu klubdan ilk taklifni eshitganingizda reaksiyangiz qanday boʻldi?
- Albatta, xursand boʻldim. “Andijon” katta jamoaga aylanib boʻlgan.
- Futboldan zavqlanish uchun "Andijon" sizga ideal klubmi?
- Ha, albatta. Menimcha, futboldan zavq olib oʻynash uchun “Andijon” eng zoʻrlaridan. Bunda esa “Ultras Burgut” muxlislarining oʻrni juda beqiyos.