Magnus Karlsen 15 yildirki dunyoning 1-raqamli shaxmatchisi
Karlsen roppa-rosa 15 yildan buyon dunyo shaxmat reytingida uzluksiz ravishda peshqadamlik qilib kelmoqda. 2011-yilning iyul oyidan boshlangan bu seriya davomida hali biror marta bo'lsa ham birinchilikni qo'ldan boy bermadi.
Ushbu raqam faqatgina har oy chiqadigan FIDE ro'yxatiga tegishli emas, balki har bir o'yindan keyin o'zgarib turadigan jonli (live) reytingda ham Magnus 15 yil davomida taxtni hech kimga bermadi. Karlsen jami hisobda (uzilishlar bilan qo'shganda) 16 yil davomida dunyo yetakchisi bo'lib turibdi va bu borada Anatoliy Karpovni (102 oy) ortda qoldirib ulgurgan.
15 yillik hukmronlik davomida uning birinchiligiga eng katta xavf solgan shaxmatchi Fabiano Karuana bo'ldi. Karuana jami 5 yilu 11 oy davomida ikkinchi o'rinni egallab keldi va hatto 2018-yilgi jahon chempionligi o'yinlari paytida oradagi farqni bor-yo'g'i 3 reyting ochkosigacha qisqartira olgan edi. Shuningdek, 2017-yilda Vladimir Kramnik ham Magnusga jonli reytingda 6.4 ochko masofagacha yaqinlashgan.
Magnus shaxmat tarixidagi eng yuqori reyting cho'qqisini ham o'ziga tegishli qilgan. U 2014-yilning may oyida va keyinchalik 2019-yilning avgust oyida o'z faoliyatidagi hamda mutloq jahon rekordi hisoblangan 2882 ochkoni zabt etdi. Bungacha bo'lgan eng yuqori natija Garri Kasparovga (2851) tegishli edi.
Yaqinda yakunlangan Norway Chess 2026 turnirida Magnus Karlsen 17.8 reyting ochkosini yo'qotgan bo'lsa-da, u hamon peshqadamlikni ishonchli tarzda ushlab turibdi. Ayni paytda u 2823 ochko bilan eng yaqin ta'qibchilari Fabiano Karuana va Hikaru Nakamuradan (2792) jami 31 ochko oldinda bormoqda.