Lyuis Mayli uchun mavsum yakunlandi
«Nyukasl» yarimhimoyachisi Lyuis Mayli jarohati sabab jamoasining joriy mavsumdagi qolgan uchrashuvlarida maydonga tusha olmaydi. Bu haqda klubning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida xabar berildi.
Seshanba kungi mashg‘ulotlar vaqtida futbolchining kichik boldir suyagi singanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu jarohat sababli xavbek «Nottingem Forest» (10 may, safarda), «Vest Hem» (17 may, uyda) va «Fulhem» (24 may, safarda) jamoalariga qarshi bo‘ladigan muhim bahslarni o‘tkazib yuboradi. Chorshanba kuni Mayli tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan so‘ng mutaxassislar nazorati ostida tiklanish jarayonini boshlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Lyuis Mayli joriy mavsumda klub miqyosida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urishga hamda 4 ta samarali uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan edi.