Luka Modrich JCh-2026'dan soʻng faoliyatini yakunlashga tayyor
Xorvatiyalik yarimhimoyachi Luka Modrich 2026-yilgi Jahon chempionatidan keyin futbolchilik faoliyatini yakunlashga tayyor. Bu haqda insayder Nikolo Skira ijtimoiy tarmoqlarda xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, 40 yoshli futbolchi maydondagi faoliyatini tugatgandan soʻng Madridning «Real» klubida lavozimlardan birini egallash boʻyicha jamoa bilan kelishuvga erishib boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, Modrich 2012-yildan 2025-yilgacha «Real» safida toʻp surgan. Ushbu davr mobaynida u toʻrt karra Ispaniya chempioni va olti karra UEFA Chempionlar ligasi gʻolibiga aylangan. 2018-yilda yarim himoyachi «Oltin toʻp» mukofotini qoʻlga kiritib, ushbu sovronga loyiq koʻrilgan ilk xorvatiyalik futbolchi boʻlgandi.
Xorvatiya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida «L» guruhida Angliya, Panama va Gana terma jamoalari bilan birga kurash olib boradi. Xorvatlar va inglizlar oʻrtasidagi uchrashuv 16-iyun kuniga rejalashtirilgan. Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtmoqda.