locale OZ

Luka Modrich faoliyatidagi 10-yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, tarixiy ko‘rsatkich qayd etdi

Mazkur koʻrsatkichda Jahon va Yevropa chempionatlaridagi ishtiroklar hisobga olingan.
Futbol
Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Luka Modrich faoliyatidagi 10-yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, tarixiy ko‘rsatkich qayd etdi
FOTO: Getty Images

Xorvatiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Luka Modrich o‘z milliy jamoasi safida 10 ta yirik xalqaro turnirda maydonga tushgan tarixdagi ikkinchi yevropalik futbolchiga aylandi. Bu haqda Opta Sports statistik portali xabar bermoqda.

Mazkur ko‘rsatkichda futbolchilarning Jahon va Yevropa chempionatlaridagi ishtiroklari hisobga olingan. Avvalroq, Yevropa futbolida ushbu dovonni faqatgina Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu zabt etgan bo‘lib, uning hisobida 12 ta shunday yirik turnir mavjud.

Joriy JCh-2026 musobaqasi xorvatiyalik tajribali xavbek uchun faoliyatidagi beshinchi dunyo birinchiligi hisoblanadi. Modrich muqaddam 2006, 2014, 2018 va 2022-yillardagi Jahon chempionatlarida Xorvatiya sharafini himoya qilgan. Uning hisobidagi qolgan beshta yirik turnir esa Yevropa chempionatlariga (2008, 2012, 2016, 2020 va 2024-yillar) to‘g‘ri keladi.

Yevropalik futbolchilar orasidagi mutloq rekord esa hamon Krishtianu Ronalduga tegishli bo‘lib turibdi. Portugaliyalik forvard o‘zining debyut musobaqasi hisoblangan Yevro-2004 turniridan buyon oltita Yevropa chempionati va oltita Jahon chempionatida milliy jamoasi safida g‘alaba qozonish uchun maydonga tushgan.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting