Luka Modrich 18 yil ichida kuchli beshlik chempionatlarida 550 dan ortiq oʻyin oʻtkazgan ikkinchi futbolchiga aylandi
«Milan» yarimhimoyachisi Luka Modrich A Seriyaning 30-turi doirasida «Torino»ga qarshi kechgan uchrashuvda ishtirok etdi. Massimiliano Allegri shogirdlari Pavlovich, Rabyo va Fofanalarning gollari evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Xorvatiyalik futbolchi «rossonerilar»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va bahsni to‘liq o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv 40 yoshli Modrich uchun Yevropaning kuchli beshlik ligalaridagi 550-o‘yin bo‘lib tarixga kirdi. Yarimhimoyachi o‘yinlarining asosiy qismini Madridning «Real» klubi safida La Ligada o‘tkazgan (394 o‘yin). Shuningdek, uning hisobida Angliya Premyer-ligasida «Tottenhem» safida 127 ta va Italiya A Seriyasida «Milan» libosida 29 ta bahs mavjud.
Qayd etish joizki, futbolchining APLdagi debyutidan (2008/2009 yilgi mavsum) buyon kuchli beshlik ligalarida faqatgina «Atletiko Madrid» hujumchisi Antuan Grizmann (555 o‘yin) undan ko‘proq maydonga tushgan, xolos.
Ma’lumot o‘rnida, Luka Modrich joriy 2025/2026 yilgi mavsumda barcha turnirlar doirasida 32 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 2 ta gol va 3 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi.