Luis Enrike YChLda mutlaq rekord o‘rnatdi
«Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyi Luis Enrike Yevropa Chempionlar Ligasi tarixida 50 ta g‘alabaga eng tez erishgan mutaxassis sifatida yangi rekord o‘rnatdi.
Ushbu tarixiy natija YCHL yarimfinalining dastlabki bahsida, parijliklar o‘z maydonlarida Myunxenning «Bavariya» jamoasini 5:4 hisobida mag‘lub etgan uchrashuvda qayd etildi. Mazkur g‘alaba Enrike uchun qit’aning eng nufuzli klublar o‘rtasidagi turnirida yubiley — 50-g‘alaba bo‘ldi.
Luis Enrike ushbu ko‘rsatkichga bor-yo‘g‘i 77 ta o‘yinda erishib, futbol olamida mutlaq yetakchiga aylandi. Shu paytga qadar mazkur rekord «Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiolaga tegishli edi. Gvardiola o‘zining 50-g‘alabasini qayd etishi uchun 79 ta uchrashuvda ishtirok etishiga to‘g‘ri kelgan. Shunday qilib, Enrike o‘z hamkasbining natijasini ikki o‘yinga yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, har ikki mutaxassis ham o‘z faoliyati davomida «Barselona» klubini boshqargan va muvaffaqiyatlarining salmoqli qismini aynan kataloniyaliklar bilan birga qo‘lga kiritgan. Gvardiola, shuningdek, hozirda Enrikega mag‘lub bo‘lgan «Bavariya» klubini ham boshqargan edi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumdagi Chempionlar Ligasining final uchrashuvi 30 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. «PSJ» hozirda turnirning amaldagi g‘olibi sifatida ushbu unvonni himoya qilmoqda.