Luis Enrike PSJga Martin Subimendini olib kelmoqchi
PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike jamoa yarim himoya chizig‘ini “Arsenal” futbolchisi Martin Subimendi bilan kuchaytirishni istamoqda. Parijliklar ispaniyalik futbolchining transferi imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda El Nacional xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Subimendining o‘yin uslubi Luis Enrike talablariga mos keladi. Murabbiy futbolchining hujumni himoyadan boshlash, pressing ostida to‘p bilan harakat qilish va maydon markazidan jamoa o‘yinini boshqarish qobiliyatlarini yuqori baholamoqda.
“Arsenal” esa yarim himoyachi bo‘yicha munosib taklif tushsa, muzokaralarga kirishishga tayyor ekani aytilmoqda. London klubi Subimendi uchun taxminan 80 million yevro miqdoridagi takliflarni ko‘rib chiqishi mumkin. Hozircha PSJ tomonidan rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Martin Subimendi “Arsenal” safiga 2025-yil yozida “Real Sosyedad”dan ko‘chib o‘tgan. Ispaniya terma jamoasi futbolchisi bask klubining asosiy jamoasida 236 ta uchrashuv o‘tkazgan va “Arsenal” bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.