Luis Enrike: «Natijadan emas, yosh futbolchilarning o‘yinidan mamnunman»
"PSJ" bosh murabbiyi Luis Enrike "Malorka"ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bu o‘yinga xolisona baho berish qiyin. O‘ylaymanki, birinchi bo‘limda jamoamiz yaxshi harakat qildi. Ammo ikkinchi golga olib kelgan xatodan keyin vaziyat ancha murakkablashdi. Shunga qaramay, ko‘rganlarimdan mamnunman. Akademiyamizdan chiqqan bir nechta yosh futbolchilar juda yaxshi o‘yin namoyish etdi.
Bu bahsning asosiy maqsadi jismoniy holatimizni yaxshilash edi. Albatta, bunday natijani xohlamas edik, ammo futbolda bunday holatlar uchrab turadi.
"PSJ"ga qarshi o‘yin har qanday jamoa uchun qo‘shimcha motivatsiya manbai hisoblanadi va bu tabiiy. Biz uchun bu mavsumoldi yig‘ining birinchi haftasi, tarkibimizda esa akademiya tarbiyalanuvchilari ko‘p. Ular juda yosh futbolchilar va men ularning ham mahorati, ham ruhiy tayyorgarligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Uch kundan so‘ng yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Terma jamoalardan futbolchilarimiz qaytgach, jamoamizni chinakam baholash imkoniga ega bo‘lamiz", — dedi Enrike klub matbuot xizmatiga.