Luis Enrike: “Ispaniyaning g‘alabasi PSJ uchun ham foydali bo‘ladi”
“PSJ” bosh murabbiyi Luis Enrike JCh-2026 nimchorak finalidan o‘rin olgan Ispaniya – Portugaliya uchrashuvi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ispaniyalik mutaxassis terma jamoasining turnirdagi ishonchli o‘yinlarini yuqori baholadi va La Roja jahon chempionligi uchun asosiy da’vogarlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya g‘alaba qozonsa, bu nafaqat mamlakat futboli, balki “PSJ” uchun ham ijobiy ahamiyat kasb etadi.
“Umid qilamanki, Ispaniya tarixida ikkinchi bor jahon chempioniga aylanadi. Agar Ispaniya Portugaliyani mag‘lub etsa, bu ‘PSJ’ uchun ham foydali bo‘ladi. Chunki mening uch nafar futbolchim ta’tilga ertaroq chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Luis Enrike.
Ma’lumki, “PSJ” safida Portugaliya terma jamoasi futbolchilari — Vitinya, Joau Neves va Gonsalu Ramush to‘p suradi. Portugaliya turnirdagi ishtirokini yakunlagan taqdirda, ular klub ixtiyoriga ertaroq qaytib, yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashlari mumkin.