Luis Enrike faoliyatini «Bornmut»da davom ettirishi mumkin
Angliyaning «Bornmut» klubi transfer bozorida faollikni davom ettirmoqda. Bu safar «albalilar» e’tibor markaziga Italiyaning «Inter» klubi yarimhimoyachisi Luis Enrike Tomas de Lima tushdi. Bu haqda nufuzli insayder Nikolo Skira o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.
Skiraning ma’lumotlariga ko‘ra, Angliya klubi braziliyalik vingerni sotib olish majburiyati bilan ijaraga olishni taklif qilgan. Kelishuvning umumiy qiymati taxminan 18-20 million yevroni tashkil etishi kutilmoqda. Ayni damda klublar o‘rtasidagi muzokaralar qizg‘in davom etmoqda.
Maʼlumot uchun, 24 yoshli futbolchi joriy mavsumda «neradzurrilar» tarkibida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan bo‘lsa-da, samaradorlik borasida yuqori natija qayd eta olmadi — 21 ta oʻyin, 1 gol, 1 assist.