Luis Enrike: «De Zerbi — Liga 1'ning eng kuchli murabbiylaridan biri»
«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Fransiya chempionatining 21-turidan o‘rin olgan «Marsel»ga qarshi bahsdan so‘ng raqib jamoa ustozi Robert De Zerbining ishiga yuqori baho berdi. Parijliklarning 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdan so‘ng, Enrike italiyalik mutaxassisni Liga 1’ning eng kuchli murabbiylaridan biri deb atadi.
«Menga De Zerbi o‘z jamoasi o‘yinini qanday qurishi juda yoqadi. U g‘alabaga yo‘naltirilgan hujumkor futbolni afzal ko‘radi. Uni hozirgi Fransiya birinchiligining eng kuchli murabbiylaridan biri deb hisoblayman», — deya Enrikening so‘zlarini keltiradi derbyderbyderby.it portali.
Ma’lumot o‘rnida, Robert De Zerbi 2024 yilning yozida «Marsel» boshqaruvini qo‘lga olgan edi. Ungacha esa u «Brayton», «Shaxtyor», «Sassuolo», «Benevento» va «Palermo» kabi klublarda faoliyat yuritgan. Uning qo‘l ostida «provansallar» joriy mavsumda 39 ochko jamg‘arib, turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasida bormoqda.