Luis Enrike «Arsenal» yarim himoyachisini «PSJ»ga olib kelishi mumkin
«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike «Arsenal» va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Martin Zubimendining transferiga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda El Nacional xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Enrike Zubimendining «PSJ»ga o‘tish ehtimoli oshgan, deb hisoblamoqda. Bunga mavsum boshida ispaniyalik futbolchining «Arsenal» asosiy tarkibida hal qiluvchi rolga ega bo‘lmagani sabab bo‘lgan. Mikel Arteta jamoasi yarim himoyachi uchun taxminan 80 million yevrolik taklifni ko‘rib chiqishga tayyor.
Enrike Zubimendini o‘zining o‘yin uslubiga mos keladigan ideal futbolchi sifatida baholamoqda. Yarim himoyachi maydondagi pozitsiyasini yaxshi his qiladi, aniq uzatmalar amalga oshiradi va hujumchilarning qulay vaziyatlarda to‘p qabul qilishiga yordam beradi.
«PSJ» ustozi jamoaning to‘p nazoratida ustunlik qilishi va maydon markazidagi tuzilmani saqlab qolishini istaydi. Enrike fikricha, Zubimendi bu vazifalarni bajarishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshli futbolchining bozor qiymati 75 million yevroni tashkil qiladi.