Luis de la Fuente: «Italiyaning mundialsiz qolishi saralash qanchalik qiyinligini ko‘rsatadi»
Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Italiya milliy jamoasining JCH-2026 yo‘llanmasidan quruq qolganiga munosabat bildirdi. Eslatib o‘tamiz, hal qiluvchi pley-off bahsida italiyaliklar Bosniya va Gersegovinaga imkoniyatni boy berishgan edi (1:1, penaltilar seriyasida 1:4).
«Saralash bosqichidan o‘tish — bu juda qiyin vazifa. Bu ular ishtirok etmaydigan ketma-ket uchinchi Jahon chempionati bo‘ladi. Bu holat ularning ko‘p yillar davomida erishgan yutuqlari qanchalik qadrli ekanini yana bir bor ta’kidlaydi», — dedi de la Fuente.
«Skuadra Adzurra» o‘z tarixida ilk bor ketma-ket uchta mundialga yo‘llanma ololmadi. Italiyaliklar oxirgi marta 2014 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishgan va o‘shanda guruh bosqichidan chiqa olishmagan edi. Ma’lumot uchun, Italiya to‘rt karra dunyo chempioni hisoblanadi.