Luis de la Fuente: «Ikkinchi bo‘limda bizga aniqlik yetishmadi»
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Millatlar ligasi doirasida Chexiyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv haqida fikr bildirdi. «Qizil furia» o‘z maydonida 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
«Shogirdlarim birinchi bo‘limda ustunlik qildilar va bir qator yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldik. Tanaffusdan keyin munosabatimiz o‘zgardi, deb ayta olmayman, ammo almashtirishlarni amalga oshirdik. Shundan so‘ng o‘yin sur’ati o‘zgardi. Ikkinchi bo‘limda bizga o‘tkirlik yetishmadi.
Biz g‘alaba qozonishni o‘ylaymiz, ammo futbolchilar haqida qayg‘urishni ham unutmaymiz. Ularning hech biri ketma-ket uchta to‘liq uchrashuvda maydonda bo‘lmadi», — deya murabbiyning so‘zlarini UEFA matbuot xizmati keltirgan.
Luis de la Fuente shogirdlari navbatdagi uchrashuvni safarda Xorvatiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.