Luis de la Fuente: «Bunday insonlarga futbolda o‘rin yo‘q»
Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Misr milliy terma jamoasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvidagi (0:0) musulmonlarga qarshi aytilgan hayqiriqlar borasida o‘z fikrini bildirdi.
«Bu umumiy fikr — bunday xatti-harakatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz buni mutlaqo rad etamiz. Menimcha, stadiondagilar bunga to‘g‘ri munosabat bildirishdi va tablodagi ogohlantirish o‘rinli bo‘ldi. Tomoshabinlarning ko‘pchiligi o‘sha hayqiriqlarni aytganlarni hushtakbozlik bilan qarshiladi. O‘zini bunday tutadigan insonlarga futbolda o‘rin yo‘q — ular hayotning boshqa jabhalarida bo‘lgani kabi, o‘yindan ham o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishadi. Ulardan yuz o‘girish kerak», — dedu de la Fuente.
Uchrashuv Barselona shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘yinning taxminan 20-daqiqasida muxlislarning bir qismi kamsituvchi mazmundagi hayqiriqlarni boshlagan. Ta’kidlash joizki, Ispaniya terma jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri, «Barselona» hujumchisi Lamin Yamal musulmon hisoblanadi.