Lotar Matteus “Oltin to‘p” uchun Yamalni Mbappedan ustun qo‘ydi
Germaniya terma jamoasi va “Bavariya”ning sobiq futbolchisi Lotar Matteus 2026-yilgi “Oltin to‘p” uchun Lamin Yamal va Kilian Mbappening imkoniyatlarini baholadi. Uning fikricha, hozirgi vaziyatda “Barselona” vingerining sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyati yuqoriroq.
Matteus Yamal bu mavsumda o‘tgan yilgi darajasini to‘liq namoyish eta olmaganini tan olgan. Shunga qaramay, u ispaniyalik futbolchi “Oltin to‘p” uchun kurashda jiddiy imkoniyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Sobiq futbolchining fikricha, individual ko‘rsatkichlardan tashqari qo‘lga kiritilgan sovrinlar ham katta ahamiyatga ega. Shu sababli Matteus Yamalning imkoniyatlarini Mbappenikidan yuqori baholagan va fransiyalik futbolchi “Real” hamda terma jamoa bilan sovrin yutmaganiga urg‘u bergan.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi “Oltin to‘p”ni topshirish marosimi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Mukofotning amaldagi sohibi — Usmon Dembele.