“Liverpul”ning sobiq futbolchisi LinkedIn orqali klub qidirmoqda
“Liverpul”ning sobiq yarim himoyachisi Ovi Ejariya faoliyatini davom ettirish uchun noodatiy yo‘lni tanladi. 28 yoshli futbolchi hozirda erkin agent maqomida bo‘lib, yangi klub topish maqsadida LinkedIn platformasida o‘z xizmatlarini taklif qildi.
Ejariya o‘z sahifasida markaziy yarim himoyaning 6, 8 va 10-raqamli pozitsiyalarida, shuningdek chap qanotda ham o‘ynay olishini ko‘rsatgan. Futbolchi mos taklifga ega klublar yoki bunday variantlardan xabardor shaxslarni bevosita bog‘lanishga chaqirgan.
Ingliz futbolchisining so‘nggi klubi Ispaniyaning “Real Oviyedo” jamoasi bo‘ldi. Ejariya o‘tgan mavsum La Ligada 8 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shartnomasi yakunlangach, u erkin agentga aylandi.
Ma’lumot uchun, Ejariya “Arsenal” va “Liverpul” akademiyalarida tahsil olgan. U Yurgen Klopp qo‘l ostida 2016-yilda “Liverpul” asosiy jamoasida debyut qilgan va mersisaydliklar safida jami 8 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazgan. Faoliyati davomida “Sanderlend”, “Reynjers” va “Reding” klublarida ham to‘p surgan.