«Liverpul»ning Kertis Jons kelajagi boʻyicha pozitsiyasi maʼlum boʻldi
«Liverpul» jamoasi qishki transfer oynasi yakunlanayotgan bir vaqtda yarimhimoyachi Kertis Jons borasidagi takliflarni rad etmoqda. Mashhur insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, «qizillar» 25 yoshli futbolchini ijaraga berish niyatida emas.
Jonsga bo‘lgan qiziqish ancha jiddiy. Londonning «Tottenhem» klubi bundan uch hafta oldin mersisaydliklarga murojaat qilgan bo‘lsa, Italiya chempioni «Inter» juma kuni, ya’ni 30 yanvar sanasida o‘z taklifini yo‘llagan.
Biroq «Liverpul» rahbariyati qat’iy talab qo‘ygan: Jons faqat bir shart bilan ijaraga ketishi mumkin — agar u klub bilan amaldagi shartnomasini uzaytirsa. Hozircha futbolchining amaldagi kelishuvi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Maʼlumot uchun, Kertis Jons «Liverpul» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U joriy mavsumda jamoaning muhim bo‘laklaridan biriga aylangan va barcha turnirlar doirasida 29 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt portali ushbu iqtidorli yarim himoyachining bozor qiymatini 40 million yevroga baholagan.