«Liverpul» «Yuventus»ning Alisson transferi boʻyicha pozitsiyasidan norozi
«Yuventus» klubi «Liverpul» darvozaboni Alison Beker bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Endilikda Turin klubi mersisaydliklar bilan potensial transfer shartlarini kelishib olishi kerak. Bu haqda Calciomercato nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, «qizil iblislar» 33 yoshli posbonning transferi uchun 10-15 million yevro talab qilmoqda, «Yuventus» esa bu summani kamaytirishni yoki uni butunlay yo‘qqa chiqarishni istayapti. Ta’kidlanishicha, Alisonning o‘zi «keksa sinyora» safiga o‘tishga tayyorligi turinliklar foydasiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, «Liverpul» italyanlarning ushbu talabidan «g‘azabda».
Italiya grandi braziliyalik darvozabonga soliqlardan tashqari yiliga 5-6 million yevro maosh bilan ikki yoki uch yillik shartnoma taklif qilishga tayyor.
Joriy mavsumda Alison barcha turnirlar doirasida 34 ta o‘yinda ishtirok etib, ularning 13 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 17 million yevroni tashkil etadi.