«Liverpul» Xabi Alonso borasida «Real»dan ma’lumot so‘radi
«Liverpul» rahbariyati Xabi Alonsoni jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlash borasida hali to‘liq bir qarorga kelmagan. Shu sababli, mersisaydliklar mutaxassisning «Qirollik klubi»dagi faoliyati haqida ma’lumot olish maqsadida Madridning «Real» jamoasi bilan aloqaga chiqishdi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, «Liverpul» Alonsoning tayinlovi bo‘yicha o‘ziga xos «tavsiyanoma» olishni ko‘zlagan. Bu xuddi biznes olamidagi tavsiya xatiga o‘xshash jarayon ekani aytilmoqda. 2025 yilning yozida Trent Aleksander-Arnoldning transferi sababli klublar o‘rtasida yuzaga kelgan taranglikka qaramay, ular hali ham o‘zaro ishonchli munosabatlarni saqlab qolishgan.
Eslatib o‘tamiz, Alonso o‘tgan yilning yozida «qaymoqranglilar» bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. Biroq joriy yilning 12 yanvar kuni Madrid klubi ispaniyalik mutaxassis bilan hamkorlik to‘xtatilganini e’lon qildi.