“Liverpul” va “Manchester Siti” Alessandro Bastoniga qiziqmoqda
“Inter” markaziy himoyachisi Alessandro Bastoni Angliya Premyer-ligasining bir qator grand klublari e’tiboriga tushdi. “Liverpul”, “Manchester Siti” va “Chelsi” 27 yoshli italiyalik futbolchining holatini kuzatib bormoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Liverpul” Bastonini kelajakda himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy variantlardan biri sifatida ko‘rmoqda. “Manchester Siti”ning qiziqishi esa Ruben Diash jamoani tark etadigan taqdirda yanada kuchayishi mumkin. “Barselona” ham italiyalik futbolchini kuzatishda davom etmoqda.
“Inter” o‘zining asosiy himoyachilaridan birini sotishga shoshilmayapti. Xabarlarga ko‘ra, milanliklar Bastoni uchun taxminan 70 million funt talab qilishi mumkin. Futbolchining Transfermarkt’dagi bozor qiymati esa 65 million yevroga baholangan.
Ma’lumot uchun, Bastonining “Inter” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha mo‘ljallangan. Italiyalik himoyachi Premyer-ligaga ko‘chib o‘tish variantiga qarshi emasligi ham aytilmoqda.