«Liverpul» va de Venga qiziqish bildirmoqda
«Liverpul» «Tottenhem» klubi himoyachisi Mikki van de Venga qiziqish bildirmoqda. Mersisaydliklar niderlandiyalik futbolchini 2026 yil yozida o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Tomas Frank boshchiligidagi londonliklar duch kelayotgan muammolar himoyachining transferiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Angliya Kubogida «Tottenhem» «Aston Villa»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib musobaqani tark etganidan so‘ng, van de Ven jamoa o‘yini borasida tanqidiy fikrlar bildirgan.
Avvalroq «Liverpul» himoyachisi Jovanni Leoni jarohat sabab mavsum oxirigacha safdan chiqqani, shuningdek, «qizillar» mudofaasini kuchaytirish variantlaridan biri hisoblangan Mark Gehining «Kristal Pelas»dan «Manchester Siti»ga o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Joriy mavsumda Mikki van de Ven barcha musobaqalarda «Tottenhem» safida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, olti bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan hamda bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan.