“Liverpul” va “Arsenal”ga Maksi Arauxoni sotib olish taklif qilindi
Portugaliyaning “Sporting” klubi chap qanot himoyachisi Maksi Arauxo yozgi transfer oynasida Angliyaga ko‘chib o‘tishi mumkin. The Sun xabariga ko‘ra, futbolchi xizmatlari “Liverpul” va “Arsenal”ga taklif qilingan.
Manbaga ko‘ra, “Sporting” urugvaylik futbolchini 51,5 million funt sterling evaziga qo‘yib yuborishga tayyor. Lissabon klubi allaqachon uning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzodlarni izlashni boshlagan.
26 yoshli Maksi Arauxo o‘tgan mavsum Portugaliya chempionatida 5 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. U asosan chap qanot himoyachisi sifatida harakat qilsa-da, zarurat tug‘ilganda chap qanot hujumchisi vazifasini ham muvaffaqiyatli bajara oladi. Aynan shu universalligi sababli u Premyer-liga grandlarining e’tiborini tortgan.
Hozircha na “Liverpul”, na “Arsenal” rasmiy taklif bilan chiqqan. Biroq har ikki klub futbolchining transferi bo‘yicha vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda va yaqin kunlarda yakuniy qarorini qabul qilishi kutilmoqda.