“Liverpul” sport direktori Richard Hyuz klubni tark etdi
“Liverpul” sport direktori Richard Hyuz o‘z lavozimini tark etdi. Ingliz klubi 47 yoshli shotlandiyalik mutaxassis faoliyatida yangi chaqiriqni qabul qilish istagini bildirganini rasman ma’lum qildi.
Hyuz “Liverpul”da 2024-yildan buyon ishlab kelayotgan edi. U Yurgen Klopp ketganidan keyingi o‘tish davrida klubning sport yo‘nalishidagi muhim qarorlarida ishtirok etdi va Arne Slotning bosh murabbiy etib tayinlanishida ham katta rol o‘ynadi.
Shuningdek, Hyuz klubning so‘nggi yillardagi transfer siyosatini boshqargan. Uning faoliyati davomida Florian Virts, Aleksander Isak va boshqa qator yirik transferlar amalga oshirildi. Hozirda mutaxassis Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubida ish boshlashi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lumot uchun, Hyuz “Liverpul”ga kelishidan avval qariyb 10 yil davomida “Bornmut”da texnik direktor lavozimida ishlagan. “Liverpul” esa uning o‘rniga yangi sport direktori qidirishni boshlagan.