«Liverpul» soʻnggi 92 yildagi eng yomon natijasini qayd etdi
«Liverpul» Angliya Liga Kubogining toʻrtinchi bosqichida oʻz maydonida «Kristal Pelas»ni qabul qilib, 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchradi.
Shu tariqa, mersisaydliklar 92 yildan beri ilk bor kubok oʻyinida uchta gol oʻtkazib, oʻzlari gol urolmagan holatni qayd etishdi.
Opta Sport statistik portali maʼlumotlariga koʻra, bunday voqea oxirgi marta 1934 yilning fevral oyida sodir boʻlgan. Oʻshanda «Liverpul» «Enfild»da boʻlib oʻtgan Angliya Kubogining 5-bosqichida «Bolton»ga 3:0 hisobida yutqazgan edi.
Shuningdek, bu magʻlubiyat «Liverpul» uchun soʻnggi yetti oʻyindagi oltinchisi boʻldi. Arne Slot shogirdlari shu vaqt ichida Premyer-ligada ketma-ket toʻrtta oʻyinda magʻlub boʻlishdi, Chempionlar ligasida ikki oʻyindan birini yutqazishdi va endi Liga Kubogini tark etishdi.