«Liverpul» Saudiya klublarining bosimiga qaramay Salohni sotishni rejalashtirmayapti
Misrlik forvardning mersisaydliklar bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga yetadi.
FOTO: Getty Images
«Al Hilol», «Al Qodisiya» va «Neom» klublari «Liverpul»ning qanot hujumchisi Muhammad Salohga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda talkSPORT xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Saudiya klublarining bosimiga qaramay, mersisaydliklar 33 yoshli futbolchini sotishni rejalashtirmayapti va uning 2027 yil yozigacha amal qiladigan shartnomasi oxirigacha jamoada qolishini istamoqda.
Saudiya Arabistonida Salohni chempionatning yangi yuzi sifatida ko‘rishmoqda. U Krishtianu Ronaldudan keyin liga global ommabopligini ushlab tura oladigan futbolchi sifatida baholanmoqda. Ronalduning «An Nasr» bilan shartnomasi ham 2027 yilda yakunlanadi.
Avvalroq, Saloh bosh murabbiy Arne Slot bilan munosabatlari yomonlashgani haqida ochiq gapirgandi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist