«Liverpul» Saloh oʻrniga Kolo Muani nomzodini koʻrib chiqmoqda
«Liverpul» klubi «Tottenhem»da ijarada o‘ynayotgan «PSJ» hujumchisi Randal Kolo Muaniga qiziqish bildirmoqda. Mersisaydliklar fransiyalik futbolchini yozda jamoani tark etadigan vinger Muhammad Salohga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Yuventus» ham kelayotgan transfer oynasida 27 yoshli futbolchini sotib olish uchun harakat qilmoqchi. Yozda Kolo Muanining transfer bahosi taxminan 35 million yevroni tashkil qiladi va bu narx Turin klubini qoniqtiradi. Shuningdek, «keksa sinyora» hujumchiga yiliga 7 million yevro maosh to‘lashga tayyor.
«Liverpul» tomonidan bo‘layotgan qiziqish fonida «Yuventus» Kolo Muanini sotib olish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
Joriy mavsumda Kolo Muani barcha turnirlar doirasida 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 4 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchining «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yinchining ayni damdagi bozor qiymati 22 million yevroni tashkil etadi.