“Liverpul” Rio Ngumoha bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi
“Liverpul” o‘zining eng iqtidorli yosh futbolchilaridan biri Rio Ngumoha bilan hamkorlikni uzoq muddatga davom ettirishga tayyorlanmoqda. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, mersisaydliklar 18 yoshli vinger bilan yangi shartnoma bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgan.
Yangi bitimning aniq muddati va moliyaviy tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan. Biroq kelishuv uzoq muddatga mo‘ljallanishi va futbolchining klubdagi o‘sib borayotgan maqomiga mos ravishda shartlari sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda. “Liverpul” yaqin vaqt ichida yangi shartnomani rasman e’lon qilishi mumkin.
Ngumoha 2024-yilda “Chelsi” akademiyasidan “Liverpul”ga ko‘chib o‘tgan. Yosh futbolchi qisqa vaqt ichida asosiy jamoaga yetib bordi va klub rahbariyati uni kelajakdagi muhim futbolchilardan biri sifatida ko‘rmoqda. Avvalroq unga “Bavariya” ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Ngumoha 29-avgust kuni 18 yoshga to‘ldi. Uning amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha mo‘ljallangan, Transfermarkt esa futbolchini 30 million yevroga baholamoqda. Joriy APL mavsumida u ikki uchrashuvda maydonga tushgan.