«Liverpul» «Real»ni ikki futbolchisini 120 million yevroga sotib olishi mumkin
«Liverpul» Madridning «Real» jamoasi yarimhimoyachisi Eduardu Kamavingani o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. TEAMtalk nashrining xabar berishicha, Mersisayd klubi fransiyalik futbolchini kelayotgan yozgi transferlar oynasida 50 million yevro evaziga sotib olish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, ingliz klubi «Real»ning markaziy himoyachisi Din Heysenga ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. «Liverpul» o‘tgan yozda «Bornmut»dan Madrid klubiga o‘tgan himoyachi uchun 70 million yevro to‘lashga tayyor.
Manbaning ta’kidlashicha, «Real Madrid» jamoasi munosib taklif kelib tushgan taqdirda, Heysensni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishga moyil.
Ma’lumot uchun, Eduardu Kamavinga joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.