“Liverpul” “Milan” himoyachisini o‘z safiga qo‘shmoqchi
“Liverpul” yozgi transfer oynasida himoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Tuttosport nashri xabariga ko‘ra, mersisaydliklar “Milan” markaziy himoyachisi Fikayo Tomorini o‘z safiga qo‘shib olish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, “Liverpul” vakillari 27 yoshli angliyalik himoyachining transferi bo‘yicha dastlabki aloqalarni boshlab yuborgan. Klub Tomorini himoya markazini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida baholamoqda.
Qayd etilishicha, “Milan” Tomori bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Biroq hozircha klublar o‘rtasida rasmiy muzokaralar yakunlanmagan va transfer bo‘yicha kelishuvga erishilmagan.
Shuningdek, “Yuventus” ham Fikayo Tomorining vaziyatini kuzatib bormoqda. Shu sababli “Liverpul” futbolchini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa, transfer poygasida jiddiy raqobatga duch kelishi mumkin.