«Liverpul» magʻlubiyatga uchrash boʻyicha Top-5 chempionatlar orasida rekord oʻrnatdi
Angliya Liga Kubogi toʻrtinchi bosqichida «Liverpul» oʻz maydonida «Kristal Pelas»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi. Shu tariqa, mersisaydliklar soʻnggi yetti oʻyindan oltitasida magʻlub boʻlishdi.
Opta Sport ma'lumotlariga ko'ra, 27 sentyabrdan buyon «Liverpul» Yevropaning TOP-5 chempionatlaridagi barcha jamoalar orasida eng koʻp magʻlubiyatga uchragan klubga aylandi.
Bu davr oraligʻida «qizillar» Premyer-ligada ketma-ket toʻrtta oʻyinda imkoniyatni boy berishdi — «Kristal Pelas» (1:2), «Chelsi» (1:2), «Manchester Yunayted» (1:2) va «Brentford» (2:3). Shuningdek, Chempionlar ligasi 2-turida «Galatasaroy»ga (0:1) ham magʻlub boʻlishdi.
Maʼlumot uchun, bu davrdagi yagona gʻalaba Chempionlar ligasi 3-turi doirasida «Ayntraxt» ustidan 5:1 hisobida qoʻlga kiritilgan edi.