«Liverpul» Konate bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralarni boshladi — manba
«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot klub himoyachi Ibraima Konate bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi. 26 yoshli futbolchining «Enfild»dagi kelajagi masalasi tobora oydinlashmoqda, zero uning amaldagi kelishuvi shu yilning iyunida yakuniga yetadi. Bu esa klubdan futbolchining keyingi rejalari bo‘yicha tezkor qaror qabul qilishni talab etadi.
«Biz u bilan muzokaralar olib boryapmiz va bu jarayonning o‘zi niyatimizni ko‘rsatib turibdi. Albatta, uning qolishini istaymiz, ammo muloqot hali davom etmoqda, shunday ekan, yakuni nima bo‘lishini ko‘ramiz. Agar uni jamoada saqlab qolishni xohlamaganimizda, bu masalani muhokama ham qilmagan bo‘lardik», — dedi Slot Liverpool Echo nashriga bergan intervyusida.
Murabbiy, shuningdek, so‘nggi paytlarda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun tanqid qilinayotgan Konateni himoya qildi. U himoyachining ishonchliligi va Virjil van Deyk bilan o‘rnatgan hamkorligi jamoa mudofaasining asosi ekanini alohida ta’kidladi. Slotning qo‘shimcha qilishicha, tarkibdagi jarohatlar va himoyachilar tanqisligi hisobga olinsa, Konatening ketishi jamoa uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladi.
Joriy mavsumda Konate «Liverpul» safida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urishga erishdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 50 million yevroni tashkil qiladi.