\"Liverpul\" Kolumbiyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri bilan shartnoma imzoladi
Angliyaning "Liverpul" klubi Kolumbiyaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri hisoblangan Neyser Vilyarreal bilan shartnoma imzolaganini rasman e'lon qildi.
20 yoshli hujumchi "Millonarios" klubidan transfer qilindi. Tomonlar o‘rtasida uzoq muddatli shartnoma imzolangan bo‘lib, futbolchi yaqin kunlarda mersisaydliklar safida mashg‘ulotlarni boshlaydi.
Vilyarreal Kolumbiya futbolining eng yorqin iste'dodlaridan biri sifatida e'tirof etiladi. U yoshlar terma jamoalaridagi muvaffaqiyatli o‘yinlari hamda yuqori texnikasi, tezligi va gol urish qobiliyati bilan Yevropaning bir qator klublari e'tiborini tortgan edi.
"Liverpul" rahbariyati futbolchining kelajagiga katta umid bildirmoqda. Klub uni uzoq muddatli loyiha sifatida ko‘rib, kelajakda asosiy jamoaning muhim futbolchilaridan biriga aylanishiga ishonmoqda.
Ma'lumot uchun, Neyser Vilyarreal 2025-yilgi U-20 Janubiy Amerika chempionatida 8 ta gol urib, musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi.